TAJVID ILMI HAQIDA

TAJVID ILMI HAQIDA
Tajvid lug'atda: «ziynatlash», «yaxshilash» kabi ma'nolarni anglatadi.
Istilohda: «Arabiy harflarning maxraj va sifatlari hamda ulardan kelib chiqadigan qoidalarni bilish orqali Qur'oni karim oyatlarini to'g'ri talaffuz etish o'rganiladigan ilm»ga tajvid ilmi deyiladi.
Harflarning sifatlari ikki xil bo'ladi: «zotiy» va «araziy». Zotiy sifatlar deganda harflarning doimiy sifatlari nazarda tutiladi. Bunday sifatlar soni o'n yettitadir. Masalan, ziddi bor sifatlardan «roxova» ya'ni, harflarning «sirg'aluvchi» bo'lishi. Ziddi yo'q sifatlardan «qalqala» ya'ni, «tebranuvchi» bo'lishi. Araziy sifatlar deb doimiy bo'lmagan, kelib-ketadigan sifatlar tushuniladi. Masalan, harflarning «idg'om» bo'lishi, «sukunlik mim», «sukunlik nun» qoidalaridagi vujudga keladigan sifatlar araziy sifatlar hisoblanadi.
Bu ilmni o'rganuvchilarga foydasi: Alloh taoloning kalomini tilovat qilishda tilni xatolardan saqlash. Fazli esa: Tajvid eng sharafli va muborak kitobga taalluqli bo'lgani sababli fazilati ham shu kitob kabi sharafli va muborakdir.
Ushbu ilmning shunday nomlari: tajvid ilmi, tartil fani, tilovat haqqi.
Kelib chiqishi: Alloh taolo Qur'oni karimda:
«Qur'onni «tartil» bilan (dona-dona tarzda) tilovat qiling!» degan kalomi hamda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalar roziyallohu anhumga o'rgatganlari va qiroat imomlarining sahobalardan qabul qilib olganlaridan vujudga kelgan. Natijada, ushbu ilm bizga mutavotir holatda uzluksiz silsila bilan yetib kelgan.
Hukmi: tajvid ilmini o'rganishda ikki hukm bor:
Birinchisi, nazariy tajvid ilmi. Ushbu ilm mad qoidalari, sukunli «nun» va «tanvin» kabi tajvid qoidalarini o'z ichiga oladi. Uning hukmi islom ummati uchun farzi kifoyadir;
Ikkinchisi, amaliy tajvid. Qur'oni karimni Rosululloh sollallohu alayhi vasallam qanday tilovat qilgan bo'lsalar, shu tarzda o'qish orqali tajvid qoidalarining amaliy ifodasi namoyon bo'ladi. Har bir musulmon unga imkon qadar amal qilishi farzi ayndir. Dalillari:
1)yuqoridagi Muzzammil surasining 4-oyatida «Qur'onni «tartil» bilan (dona dona tarzda) tilovat qling!» deb aytilgan buyruq. Qur'oni karim Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil bo'lgandan so'ng, uzotdan sahobai kirom roziyallohu anhum xuddi shu holatda, hech bir o'zgarishsiz qabul qilib olishgan. So'ngra o'zlaridan keyingilarga xuddi shu tarzda, mukammal yetkazishgan. Tajvid va qiroat ulamolari aynan shunday maxsus uslubda o'qish lozimligini bir ovozdan ta'kidlashadi. Mazkur maxsus uslub Qur'on kalimalarini mukammal, maxrajlarini tugal, talaffuzini go'zal qilish orqali har bir harfining haqqini ado etishdir. «Qur'onni «tartil» bilan (dona-dona tarzda) tilovat qiling!» oyatidan murod ham shudir. Ibn Abbos roziyAllohuanhu «tartil»ni «aniq ifoda etish» ma'nosida, deydilar. Zahhoq esa «Harfma- harf ifodalang, harfni keyingisidan ajrating», ma'nosida, deydilar.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari tartil va adoda o'ta oliy darajada edi. Mustahkamlik va go'zallikda ham namuna edi. Ummu Salama onamiz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida so'ralganlarida, «Tushunarli, harfma-harf» deb tavsiflab berganlar. Demak, qiroatlari maxraj va sifatlari tushunarli, dona-dona bo'lgan ekan.
Ibn Jazariy rohimahulloh aytadi: «Shubhasiz, ummat Qur'onning ma'nolarini tushunishlari va uning chegarasidan chiqmasliklari ibodat sanalganidek, nabaviy-arabiy fasihlik soxibi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bog'langan qiroat imomlaridan olingan sifatga ko'ra, Qur'onning lafzlarini to'g'irlash va harflarni mukammal ado etish ham ibodat sanaladi. Zero, bunga xi-
lof qilish yoki undan boshka sifatga o'tish joiz emasdir.
2) Alloh taolo aytadi:
«Biz kitob bergan kishilar (mo'minlar) uni to'gri (buzmay) tilovat qiladilar...». Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu bu oyatning tafsiri borasida aytadi: «Allohga qasamki, uni to'g'ri (buzmay) tilovat qilish halol deganini halol va xarom deganini xarom deyish hamda qanday nozil qilgan bo'lsa shunday qiroat qilishdir». Demak, Qur'oni karimni to'g'ri, buzmay tilovat qilishga salohiyati yeta turib, qiroatni shu tarzda amalga oshirmaslik uning haqqini ado etmaslik sanalar ekan:
3) Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ibn Mas'ud bir kishiga Qur'on o'qitayotgan edi. U kishi mad muttasilni cho'zmay talaffuz etdi. Shunda Ibn Mas'ud: «Menga Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bunday o'qitmaganlar» dedi. «Qanday o'qitganlar, ey Abu Abdurraxmon?» deb so'radi u. Ibn Mas'ud: u so'znini cho'zib o'qidi»".
4) Nozil bo'lgan vaqtidan bugungi kungacha ulamolar Qur'oni karimni tajvid qoidalariga asosan, buzmasdan tilovat qilish vojibligiga ijmo' qilganlar. Imom Ibn Jazariy rohimahulloh o'zining «Manzumatul-mukaddimah» asarida deydi:
27. Tajvidga rioya etish katiy lozimdur,
kim Qur'on tilovatini yaxshilamasa, gunohkordir.
28. Chunki Iloh Qur'onni tajvid bilan nozil qilgan.
Xuddi shu holatda ya'ni, tajvid bilan Alloh taolodan bizga yetib kelgan. Demak, Qur'onning har bir o'quvchisi tajvid qoidalarigaamal qilishi farzi ayndir. Madomiki, kim tajvidga asosan qiroatini to'g'irlamasa gunohkor ekan. Bundan bilinadiki, tilovat davomida tajvidni tark qilish haromdir. Alloh Qur'onni lavhul-mahfuzga tushirgan, undan Nabiy sollallohu alayhi vasallamga, u zotdan sahobalar roziyallohuanhumga, ulardan tobeinlarga, ulardan qiroat imomlariga, ulardan qiroat roviylariga va shu asnoda muttasil bog'langan silsila orqali aynan tajvid bilan bizgacha yetib kelgan.
Qur'oni karim boshqa oddiy kitoblar va turli nashrlarni o'qigandek qiroat qilinmaydi. Uning tilovatida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ko'rsatib, bayon etib berganlaridek, maxsus uslubga rioya qilish musulmonlarga vojib bo'ladi. Shundagina, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan tarzda o'qilgan sanaladi. Ushbu maxsus uslub esa mustahkam tajvidli ustozlardan o'rganiladi. Lekin talaffuzida muammosi bo'lgan yoki talaffuzi yaxshi bo'lsa-da, zaruriy darajada qiroatini to'g'irlaydigan ustoz topa olmagan kishi imkon qadar harakat qiladi. Zero, Alloh taolo hech kimga toqatidan ortig'ini yuklamaydi.
Asoschilari: Shubhasiz, bu ilmning asoschisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdirlar.
Dastavval bu ilmni harflarning maxrajlari va sifatlariga bo'lib, alohida qoidalar sifatida o'rgangan va o'rgatgan muallimlar, arab tili grammatikasi asoschilari sanalmish ulamolardir. Masalan, Imom Xalil Faroxidiy va shogirdi Sibavayx kabilar shular jumlasidandir. Ko'p hollarda tajvid ilmining asoschisi Imom Xalil rohimahulloh deyiladi. Ba'zilar esa Abul Asvad Dualiy rohimahullohni asoschi sifatida ta'kidlaydilar. Bu ikki zot Qur'oni karim mushafidagi ba'zi nuqta va belgilarning ixtirochilaridir.
Tayyorladi: Xadichai kubro ayol-qizlar
O'rta-maxsus islomta'lim muassasi talabasi
Azimbayeva Fotima
Mas'ul: ta'lim muassasining Qu'on fani ustozasi M. Xodjayeva
