Ushbu sayt hozirda test rejimida ishlamoqda
Xadichai Kubro
Ilmiy maqolalar
7-iyun, 2026

Sulaymon alayhissalom va Saba' malikasi

Sulaymon alayhissalom va Saba' malikasi

Sulaymon alayhissalom va Saba' malikasi

Sulaymon alayhissalom Bani Isroilga yuborilgan payg'ambar bo'lgan. U Dovud alayhissalomdan keyin podshohlik va payg'ambarlikni meros qilib olgan. Alloh unga ham hukm (adolatli qaror chiqarish qobiliyati), ham katta mulk va kuch ato etgan.

Uning eng katta mo'jizalari:

Qur'onga ko'ra, Alloh Sulaymon alayhissalomga bir nechta maxsus ne'matlar bergan:

1. Hayvonlar va qushlar tilini tushunish:

U chumolilar, qushlar va boshqa mavjudotlarning gapini tushungan.

2. Jinlar ustidan hukmronlik:

Jinlar uning amriga binoan og'ir ishlarni bajarishgan: binolar qurish, chuqur ishlarda yordam berish va boshqalar.

3. Shamolni boshqarish

Allohning izni bilan shamol uning uchun tezkor transport vazifasini bajargan.

4. Adolat va hikmati

Sulaymon alayhissalom juda dono va adolatli hukmdor bo'lgan. Qur'onda uning bir nechta hukm chiqarishdagi donoligi misol qilib keltiriladi.

5. Qur'ondagi zikri

Uning ismi bir necha suralarda keladi. Shulardan biri Naml surasida bayon qilingan. U kishiga insonlar, jinlar va qushlar bo'ysundirilgani Naml surasining 20–44-oyatlarida bayon qilingan. Bir kuni Sulaymon alayhissalom qushlarni ko'zdan kechirayotganlarida Hudhud qushini topa olmadilar. Va:

"لَأُعَذِّبَنَّهُۥ عَذَابًا شَدِيدًا أَوْ لَأَا۟ذْبَحَنَّهُۥٓ أَوْ لَيَأْتِيَنِّى بِسُلْطَٰنٍ مُّبِينٍ"

“Albatta, uni shiddatli azob-la azoblarman yoki so'yib yuborurman yoxud menga, albatta, ochiq-oydin hujjat keltirajak.”

Ko'p o'tmasdan, Hudhud kelib, sen bilmagan narsani bildim va Saba' yurtidan ishonch xabar olib kelganini aytdi. U yerda Saba' malikasi  hukmronlik qilayotganini, uning katta taxti borligini va xalqining Allohga emas, quyoshga sajda qilayotganini ma'lum qildi. Shunda Sulaymon alayhissalom Hudhud orqali Saba' malikasiga  maktub yubordilar. Maktubda:

"أَلَّا تَعْلُوا عَلَيَّ وَأْتُونِي مُسْلِمِينَ"

“Menga qarshi bosh ko'tarmay, taslim bo'lgan holingizda  keling”, degan mazmun bor edi.

Bilqis o'z amaldorlari bilan maslahatlashdi va Sulaymon alayhissalomga sovg'alar yubordi. Ammo Sulaymon alayhissalom sovg'alarni qabul qilmay, ularni Allohning diniga da'vat etdilar. Shundan so'ng Bilqis Sulaymon alayhissalom huzurlariga yo'l oldi. U kelishidan oldin Sulaymon alayhissalom uning taxtini olib kelishni so'radilar. Jinlardan  Ifriyt uni o'rnidan turguncha olib kelishini va'da qildi. Ammo kitob ilmidan xabardor bir zot:

"أَنَا آتِيكَ بِهِ قَبْلَ أَنْ يَرْتَدَّ إِلَيْكَ طَرْفُكَ"

“Men uni sizga ko'zingizni yumib ochguningizcha olib kelaman”, dedi va Allohning izni bilan taxt bir lahzada Sulaymon alayhissalom huzurlarida paydo bo'ldi.

Saba' malikasi kelganida undan taxt haqida so'raldi. U hayratlanib:

"كَأَنَّهُ هُوَ"

“Go'yo shu o'sha taxtning o'zi”, deb javob berdi.

Keyin Saba' malikasi shaffof oynadan yasalgan saroyga kiritildi. U oynani suv deb o'ylab, kiyimini ko'tardi. Shunda bu Alloh bergan mo'jiza va ne'matlardan ekanini anglab yetdi.

Natijada Saba' malikasi haqiqatni qabul qilib:

"رَبِّ إِنِّي ظَلَمْتُ نَفْسِي وَأَسْلَمْتُ مَعَ سُلَيْمَانَ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ"

“Parvardigorim! Men o'zimga zulm qilibman. Endi Sulaymon bilan birga olamlar Robbi bo'lgan Allohga bo'ysundim”, dedi.

Bu voqea Sulaymon alayhissalomning payg'ambarligi, Allohning qudrati va Saba' malikasi haqiqatni qabul qilib Islomga kirganini ko'rsatadigan ibratli qissalardan biridir.