ROSULULLOH SALLOLLOHU ALAYHI VASALLAM VA SAHOBALAR DAVRLARIDA FIQH

ROSULULLOH SALLOLLOHU ALAYHI VASALLAM VA SAHOBALAR DAVRLARIDA FIQH
Saodat asrining ilk yillarida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o'zlari fiqhning asosi va tayanchi bo'lganlar. Shar'iy hukmlardagi tayanch manba aynan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so'zlari bo'lgan. Ammo ba'zi fiqhiy masalalarda sahobalarga ham suyanilar edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taalluqli bir savol: “U zot mujtahid bo'lganmilar?” Fiqhiy mazhablar u zotning mujtahid bo'lganlariga ittifoq qilishgan. Bunga guvohlik beradigan bir qancha dalillar ham bor. Masalan, Badr g'azotida asirlarni qatl qilish o'rniga fidya olganlari. Tabuk g'azotidagi munofiqlarning uzrini qabul qilganlari. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ijtihod qilganlariga shu va shunga o'xshash bir qancha dalillar bor.
U zot mujtahidlarning imomi edilar. Bundan nima kelib chiqadi? Ma'lumki, tashaddud yo'nalishi fahmni inkor qilib, “Nassning o'ziga amal qil, bo'ldi”, deydi. Biz aytamizki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'zlari ham ijtihod qilardilar, sahobalariga ham ijtihod qilishni o'rgatardilar. Demak, ulug' mujtahid imomlar ijtihod qilsa, bu ishni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning fe'llariga va ta'limlariga binoan qilgan bo'ladilar. Bunga Muoz roziyallohu anhuning hadislari dalil bo'ladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida: “Nima bilan hukm qilasan?” deb so'ra dedilar. Muoz: “Allohning Kitobi bilan”, dedilar. “Kitobda o'sha hukmni topmasang-chi?” dedilar. “Rasulining sunnati bilan”, dedi. “Unda ham topmasang-chi?” degan edilar, “Ijtihod qilaman”, dedi.
Shunga ko'ra, hukm chiqarishning manbai uchta bo'ldi: Allohning Kitobi, Rasulining sunnati, so'ngra Qur'on va Sunnatga ko'ra ijtihod qilish.
Muoz roziyallohu anhuning hadislarida zikr qilingan mana shu uchta manba fiqhiy mazhablarning asosi hisoblanadi. Qolaversa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bir qancha sahobalar ham ijtihod qilishgan. Masalan, bir sariyyada, ya'ni ma'lum bir maqsad bilan yuborilgan qo'shinda Amr ibn Os roziyallohu anhu junub bo'lib qolib, qattiq sovuq tufayli tayammum qilganlar. Nabiy alayhissalom bu ishni ma'qullaganlar. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabul qilmagan, xato deb baholagan ijtihodlar ham bo'lgan. Masalan, boshi yorilgan bir sahoba junub bo'lib qolsa, yonidagi sahobalar: “G'usl qilish shart”, deb fatvo berishgan, u g'usl qilgach, vafot etgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu fatvoni to'g'ri demaganlar, balki: “Ular mana shu fatvolari bilan uni o'ldirishibdi!” deb g'azablanganlar.
Bundan shunday xulosa olamizki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o'zlari sahobalariga ijtihod qilishni buyurganlar. Yuqorida keltirgan misollarimiz bunga ochiq dalil bo'ladi. Muoz roziyallohu anhu keyinchalik Aliy roziyallohu anhuni Yamanga jo'natganlari ham shunga dalolat qiladi. Qolaversa, bu misollardan sahobalarning barchasida ham ijtihod layoqati bo'lmagani ham kelib chiqadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam qilgan ijtihodi xato chiqqan sahobalardan qattiq ranjib, ularni koyib berganlar.
Tashaddud yo'nalishida ya'ni faqat Qur'on va Sunnatdan dalil oluvchilar yo'nalishi ijtihod qilish man qilingan, ya'ni ijtihod qila olmaysiz. Hukmni faqat Qur'on va Sunnatdan olishingiz mumkin. Lekin ular, ya'ni tashaddudchilar Qur'on va Sunnatdan har qanday odam ham dalil olishi mumkin, deyishadi. Bu gapni asoslash uchun: “Biz nasroniylarga o'xshab, dinni tushuntirib beradigan rohiblarni tayinlab olmaymiz. Aksincha, Qur'on va Sunnat har kim uchun ham manba bo'lavveradi”, deyishadi. Umuman olganda, to'g'ri gap, lekin buning zamirida zalolat, buzg'unchilik yashirinib yotibdi. To'g'ri, Qur'on va Sunnatdan foydalanishga hamma haqli, lekin hukm olishga emas. Mav'iza, eslatma olish uchun foydalanishi mumkin, lekin aqidaviy yoki fiqhiy hukm chiqarib olishga hammaning ham haqqi yo'q, bunga hammaning ham layoqati yo'q.
Qur'on o'qib, undan o'zimiz uchun nasihat olaveramiz, lekin o'zimizcha fiqhiy yoki aqidaviy hukmlarni chiqarib olishga haqqimiz yo'q.
Qur'on har qanday odam uchun hidoyat olish, eslatma, va'z olish manbai, u hamma uchun ochiq, lekin undan hukm chiqarib olish hammaga ham emas. Qur'ondan istagan odam hukm chiqarishga haqli desak, Alloh taoloning: “Bilmasangiz, zikr ahlidan so'rang”, degan oyati bekorga chiqib qoladi, chunki hamma o'zi Qur'onni bilib, tushunib olaversa, zikr ahlidan so'rashning nima keragi bor? Tashaddud vakillari mana shu joyda jim bo'lib qolishadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Yaman ahliga Muoz roziyallohu anhuni nega yubordilar? Nega ularga maktub jo'natib qo'ya qolmadilar? Masalan, Muoz roziyallohu anhuga: “U yerda uch kun turgin-da, mendan eshitganlaringni ularga yozib bergin. Qur'onni ham yozib bergin-da, 'Mana, olinglar va shunga amal qilinglar', degin”, desalar bo'lmasmidi? Nega aynan o'zini yubordilar? Muoz roziyallohu anhu ahli ayolini, oilasini tashlab, Yamanga borib yashaganidan ko'ra kerakli gapni yozib, jo'natib yuborish osonroq, qulayroq edi-ku?
Bundan kelib chiqadiki, Nabiy alayhissalom Yaman ahlining aynan Muoz roziyallohu anhuga taqlid qilishini xohlaganlar. Ulamolarga taqlid va murojaat qilish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari ekan. Biz u zotning buyruqlariga binoan Abu Hanifa rohimahullohga ergashamiz. To'g'ri, Abu Hanifa rohimahulloh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida yashamagan, u zotning o'rinlarida Muoz, Aliy va boshqa sahobalar roziyallohu anhum bo'lishgan va Nabiy alayhissalom odamlarni ularga taqlid qilishga buyurganlar. Endi bizning zamonimizda ularning o'rniga boshqalar keldimi, demak, biz Nabiy alayhissalomning buyruqlari bo'lgani uchun ularga taqlid qilamiz. Imom Abu Hanifa, imom Shofe'iy, imom Molik va imom Ahmad rohimahumullohga taqlid qilishni aynan Muoz roziyallohu anhuning hadislaridan olamiz, chunki Nabiy alayhissalom bu hadisda dinni odamlardan olishga buyurganlar, kitoblardan olishdan qaytarganlar.
Muoz roziyallohu anhuning hadislaridan olinadigan yana bir xulosa shuki, Qur'on va Sunnatdan hukm olishga hammaning ham layoqati kifoya qilmas ekan. Hozirgi zamonda odamlar Qur'ondan, Sunnatdan hukm chiqarishga juda jur'atli bo'lib ketishyapti. Hamma o'zicha fikr bildiraveradi. Ushbu holatning kelib chiqishiga aynan "soxta salafiylar" toifasi sabab bo'lyapti. Ular aynan mana shunday fikrlashga chaqiradi.
Hammaga ma'lumki, Islom dinini odamlar bir-biridan, silsilaviy tarzda o'rganib kelishgan, din masalasida doim ulamolarga murojaat qilishgan. Bular esa oldilariga Qur'on va hadislarni qo'yib olib, xohlaganicha hukm olishga urinishadi.
Shu o'rinda yana bir muhim nuqtaga e'tiborni qaratishimiz kerak: taqlid qilish Nabiy alayhissalomning davrlaridayoq bor edi. Ular esa: “Taqlid keyingi asrlarda paydo bo'lgan, ungacha taqlid yo'q edi”, deb da'vo qilishadi. Taqlid Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlaridan buyon borligiga mana shu Muoz roziyallohu anhuning hadislari va shunga o'xshagan boshqa rivoyatlar dalil bo'ladi. Qolaversa, Qur'onda: “Zikr ahlidan so'ranglar”, deb, taqlidga buyurilgan. Bu oyatning tatbiqini Nabiy alayhissalomning o'zlari amalda ko'rsatib berganlar. Ko'rinib turibdiki, taqlid keyinchalik kelib chiqqan narsa emas, balki Islomning avvalidan bor bo'lgan.
Aslida taqlid — barcha ilmlarda joriy bo'lgan odat. Masalan, bir sohada ba'zilar mutaxassis bo'lsa, qolganlar ularga nisbatan avom xalq hisoblanadi. "soxta salafiy"larning: “Qur'on qo'lingda turibdiku”, degan hiylasi duch kelgan odamning din haqida xohlaganini gapirishiga yo'l ochib beradi. Agar hamma o'zicha hukm olaversa, shariat o'yinchoq bo'lib qoladi-ku! To'g'ri, Qur'on qo'limizda, istagan odam uni o'qib, va'z-nasihat, hidoyat olishi mumkin, lekin shar'iy hukm olish uchun mutaxassislarga murojaat qilish kerak.
Yuqorida aytib o'tganlarimiz sahobalar davrida ham savol so'rab, murojaat qilinadigan ulamolar bo'lganiga, bizga ijtihodni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o'zlari o'rgatganlariga dalil bo'ladi va Ahli sunna val jamoa mazhabini qo'llab-quvvatlaydi.
ta'lim muassasasi o'qituvchisi Fotima Ibrohimova
