SAHOBALAR DAVRIDAGI FIQH

SAHOBALAR DAVRIDAGI FIQH
Ma'lumki, sahobalar salaflarning eng oliy tabaqasi hisoblanadilar.
Ijtihod faqat Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zamonlariga cheklanib qolmay undan keyin ham sahobalar davrida ham davom etgan.
Tarixga nazar solinsa, sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin Muoz roziyallohu anhuning hadisiga ko'ra ish tutganini, hukm chiqarishda avval Qur'onga, Qur'ondan topmasalar, Sunnatga, Sunnatdan ham topmasalar, ijtihodga tayanganlari malum bo'ladi. Buni sahobalardan qilingan ko'plab osorlar qolgan bo'lib, sahobalar hukm chiqarishda Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'rgatgan uslubga sodiq qolgani namoyon bo'ladi:
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhuga yozgan maktublari: “Qur'on va Sunnatda kelmagan, Kalbingda xavotir tug'dirgan, seni o'ylantirgan ishlarni yaxshilab fahmlagin, o'xshash narsalar va misollarni bilib, ishlarni shunga ko'ra qiyoslagin». Demak, Umar roziyallohu anhu avvalo Qur'on va Sunnatga ko'ra hukm chiqarishni, ulardan topilmasa, ijtihod va qiyosga o'tishni ko'rsatma berganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ko'rsatib bergan mana shu usulga sahobalar davrida ham amal qilingan, to'rt mazhab imomlari ham aynan shu manhajni, shu yo'lni tutganlar, bu qoidaga o'zgarish kiritmaganlar.
Sahobalar ham o'z davrida orasidagi eng ilmli, eng salohiyatli zotlarga taqlid qilishgan. Tarixda sahobalarning eng bilimli odam turganda, undan pastroqining fikrini olmaganiga dalolat qiladigan bir qancha dalillar bor. Axir bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Mening sunnatimni va mendan keyingi roshid xalifalarning sunnatini mahkam tutinglar», degan hadislari ochiq-oydin dalolat qiladi.
Bundan eng kuchli, eng yetuk olimlarga ergashinglar, degan xulosa kelib chiqadi. Bu borada eng ulug' sahobalar kim? Albatta, xalifalar. Bu kimning ko'rsatmasi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalari. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir masala ro'baro' kelsa, «Men Abu Bakr gapirgan masalada yangi gap aytishdan hayo qilaman», deganlar. Abdulloh ibn Mas'ud, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumlardan ham shunga o'xshash gaplar rivoyat qilingan.
Nima uchun biz aynan Imom Abu Hanifa, Imom Shofe'iy, Imom Molik va Imom Ahmadlarning mazhabiga yurdik? Nega ularga taqlid qildik? Chunki u zamonda mujtahidlar ko'p bo'lgan, lekin bular o'sha davrning eng oliy darajadagi ulamolaridan, mujtahidlaridan bo'lishgan. Ahl as-Sunna val-jamoa maslagida yuruvchilar har qanday ijtihodga ham ergashib ketavermaydilar, balki eng oliy, eng salohiyatli, eng afzal ijtihodga ergashishga intilishadi. Shu sababli ularning Abu Hanifa rahimahulloh mazhabiga ergashganini ko'rasiz.
Bugungi kunda mazhablarga ergashishdan bosh tortib, eng olim, eng salohiyatli ulamolarga quloq tutish o'rniga, yangi chiqqan «ulamolar»ga ergashib, shular bizga Qur'on va hadisdan hukm chiqarib berishadi, deb da'vo qiladiganlar chiqyapti. Holbuki, ularning birortasida ham ijtihod qilib, hukm chiqaradigan usul yo'q, ya'ni hech biri ijtihod darajasiga yetmagan.
Yuqorida keltirgan dalillardan ko'rinib turibdiki, sahobalar o'zaro biror bir masalada ixtilof qilishsa, eng salohiyatli sahobaga ergashishar edi. Mazhab imomlariga taqlid qilganlar ham demak, o'z davrining eng salohiyatli imomiga ergashganlardir.
Hozirgi kundagi "soxta salafiylar": «Biz salaflar yurgan yo'ldan yuramiz», deb da'vo qilishadi. Biz ularga aytamizki: «Bu gapingiz yolg'on, bu quruq shiorning o'zi, xolos!» Ular bu yolg'onni o'zining gapini tarqatish, o'zining gaplarini bezash, qilmishlarini yashirish uchun to'qib chiqarishgan.
Ularning gapi yolg'onligini qayerdan bilamiz? Ular taqlid qilayotgan shaxslar bugungi kunda tirik odamlar, ba'zilari bir necha yil oldin vafot etgan, qolganlari tirik, ba'zilari internetda chiqishlar qilib turishadi. Ular eng uzoqi 15–20 yil oldin vafot etgan odamlarga taqlid qilishyapti. Biz ularga aytamizki: «Qanday qilib salaflarga ergashamiz, deysizlar, axir sizlar taqlid qilayotgan odamlar tirik-ku? “Falonchi shayx unday dedi, bunday dedi”, deyapsizlar, ularning fatvolarini tatbiq qilyapsizlar-ku?» Bu ularga qarshi birinchi hujjat.
Ikkinchidan, sizlar ergashishni da'vo qiladigan salaflar son-sanoqsiz sahobalardan iborat. To'g'ri, mujtahid sahobalar yigirmatadan oshmagan, deymiz. Tobeinlar orasida esa mujtahidlar juda ko'p bo'lgan, chunki u paytda muftiy ham, qozilar ham, muallim ham mujtahid bo'lgan. Ulardan keyingi tabaqalarda ham mujtahidlar ko'p bo'lgan.
"Yuqorida aytganlarimizdan kimga ergashasizlar" deb "soxta salafiy"lar toifasidan so'ralganda
mana bu «Salaflarga ergashamiz», deb da'vo qilayotgan kimsalar salaf ulamolarining shuncha gaplari ichidan o'ziga yoqqanini, o'ziga to'g'ri kelib qolganini olishadi.
Masalan, salaflar, sahobalar ijmo' qilgan masalalardan biri — tarovehda yigirma rakat namoz o'qish. Ularga buni aytsangiz, «Yo'q, biz sunnatni tark qilmaymiz», deyishadi. Demak, salaflar bu masalada adashgan, xato qilgan ekan-da? Boshqa masalalarda ham xuddi shu ahvol.
Misol uchun, hayz ko'rgan ayolga Qur'onni ushlashni taqiqlash, Qur'on qiroatidan keyin «Sadaqallohul 'azim», deyish masalasi. Ular buni bid'at deyishadi. Lekin «Buni Usmon roziyallohu anhu aytgan-ku» desangiz, «Bizga Usmonning gapi kerakmas, biz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarini olamiz», deyishadi.
Mazhabbni inkor qiluvchilardan biriga internetda «Tarovehda 20 rakat namoz o'qiymizmi, yo'qmi?» deb savol berilgan edi,
u: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam sakkiz rakat deganlar, Umar yigirma rakat degan. Kimning gapini olasan?» deb javob bergan.
Ko'ryapsizmi, hatto sahobaning ham hurmati yo'q. Abu Hanifa rohimahullohdan shu savolni so'rashganda, u zot: «Umar roziyallohu anhu bu narsani o'zidan to'qib chiqarmaganlar. Bu gap Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so'zlaridan olingan», deb javob berganlar. Mazhabsizlikni targ'ib qiluvchilar quyidagi holatda esa sahobalarning ra'y (shaxsiy fikr)dan qaytarganini naql qilib: «Mana, sahobalar ham ra'y'dan qaytarishgan, sizlar esa, ya'ni mazhabda yuruvchilar o'z ra'yingiz bilan gapirasizlar, vaholanki sahobalar bundan qaytargan», deyishadi va quyidagi bunga dalillar keltiradilar.
1.Abu Bakr roziyallohu anhu: «Allohning Kitobi borasida ilmim bo'lmagan narsalarni so'zlasam, meni qaysi yer ko'taradi, qaysi osmon meni soyalaydi?» deganlar.
2.Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Ra'y egalaridan, ya'ni din haqida o'z fikri bilan gapiradiganlardan ehtiyot bo'linglar», deganlar.
3. Ali roziyallohu anhu: «Agar din naql emas, aql bilan bo'lganida, maxsining ustiga emas, tagiga mas'h tortish to'g'riroq bo'lar edi», deb ra'y'dan qaytarganlar.
Mana shunga o'xshash naqlarni dalil qilib, bizga: «Sizlarning mazhabingiz ra'yga asoslangan», deb ta'na qilishadi. Vaholanki, yuqorida sahobalarni so'zlarini tark qilishyotgan edi. Ularga javobimiz shunday: «Bu rivoyatlarning sahihligiga taslim bo'lgan taqdirimizda ham, sahobalarning fe'llari bu rivoyatlarga qarama-qarshi keladi: Ibn Abu Shaybaning, Abdurrazzoqning “Musannaf” kitoblarini ochib qarang, Abu Bakr, Umar, Usmon va boshqa sahobalarning aql bilan ijtihod qilib, fatvo bergan son-sanoqsiz rivoyatlarini topasiz. Agar sahobalar ra'y'dan qaytargan bo'lsa, nega o'zlari ra'y bilan fatvo berishgan? Ularning gapi bilan qilgan ishi bir-biriga teskari kelib qolyapti-ku?
To'g'ri javob esa quyidagicha bo'ladi: sahobalar qoralanadigan ra'y'dan qaytarishgan. Ilmsiz ravishda, o'z aqli bilan, fikri bilan gapirishdan qaytarishgan. Aksincha, mazhabni inkor qilganlar: «Hamma ijtihod qila oladi», deyishadi. Demak, ra'yga ruxsat beradiganlar aslida sizlar. Sahobalar qaytargan ra'y bilan sizlar odamlarga yoppasiga ruxsat berayotgan «ijtihod erkinligi» bir narsaga borib taqaladi, chunki odamlar bu borada erkin bo'lsa, ilmsiz ravishda din nomidan istagan gapini gapirib yuboraveradi. Demak, sahobalar qaytargan narsaga sizlar ruxsat beryapsiz. Yuqorida keltirgan gaplaringiz o'zingizga qarshi hujjat! Mazhab imomlari qilgan ijtihodlar esa ulargacha va ulardan keyin bizgacha uzluksiz, silsilaviy tarzda yetib kelgan. Mana shu joydagi farqqa diqqat bilan e'tibor berish kerak!
Demak, har qanday ra'y'dan qaytarilgan ekanmi? Yo'q, faqatgina qoralanadigan ra'y'dan, ilmsizlarcha shaxsiy fikr bildirishdan qaytarilgan ekan.
Ular bizga yana e'tiroz bildirib: «Siz mazhabdagilar “falon masalada turlicha gaplar bor”, deysizlar. Holbuki, Payg'ambar bitta, Qur'on bitta bo'lsa, qanday qilib turlicha gap kelib chiqadi?» deyishadi.
Biz shunday deymiz: «Bu holat sahobalarda ham bo'lgan, ular ham bir masalada turli xil fikr aytishgan. Deyarli hamma masalalarda uchta, to'rttalab qarashlar, fikrlar bor. Demak, mazhablardagi ixtiloflar sahobalarda ham bo'lgan ekan. Lekin sahobalar eng salohiyatli, eng ilmli kishiga ergashganlar.
Hozirgi zamonda salaflarga eng yaqin davr sohiblar mazhab imomlari bo'lib, bugungi kunda mazhabdan qaytarib, o'zlaring hozirgi zamonda yashab o'tgan "salaf ulamasi"ga ergashishga chaqirayotganlar adashgan toifalardir. Bunday fitna va haqiqiy Sunnat yo'lidan chalg'ituvchi da'volardan ogoh bo'laylik
